Keksa, yosh - hayotga har kimki yetar,
Hammasi izma-iz birma-bir o’tar.
Bu dunyo hech kimga qolmas abadiy,
Ketdilar, ketamiz, kelishar ketar!

Afsuski yigitlik mavsumi bitdi,
Ko’klam o’tib ketdi, qish kelib yetdi.
Yoshlik deb atalgan u sevinch qushi -
Bilmadim qachonlar keldiyu-ketdi!

Dilim ilmlardan mahrum bo’lmabdi,
Bir sir qolmabdiki, mavhum bo’lmabdi.
Tunu-kun o’yladim yetmish ikki yil,
Angladim - hech narsa ma’lum bo’lmabdi!

Misoli bir oltin ko’za bu dunyo,
Suvi goho shirin, achchiqdur goho.
Shuncha umrim bor deb kerilma aslo
Egarloqdir ajal oti doimo!

Bir qo’lda Qur’onu, bittasida jom
Ba’zida halolmiz, ba’zida harom.
Feruza gumbazli osmon ostida
Na chin musulmonmiz, na kofir tamom!

Jonimiz bu tanni tark etib ketar
Ikki g’isht go’rimiz ko’zin berkitar.
Keyin boshqa go’rga g’isht qo’ymoq uchun
Bizning tuproqlarni ezib loy etar!

Dilim bo’lgan edi bitta yorga zor
U o’zga bir yerda g’amga giriftor.
Men undan o’zimga dori izlasam
Netay, tabibimning o’zi ham bemor!

Jahon g’amin yema, do’stim bexuda
G’am yemagin jahon tirriqdur juda.
Bori o’tib ketdi, yo’g’i hali yo’q,
Bor-yo’qni g’am qilmay, yasha osuda!

So’zimga quloq os, ey do’sti a’lo
Dunyo ishlarini o’ylama aslo.
Qanoat go’shasin aylabon makon,
Olam ishlarini qilg’il tomosho!

Agar mulking Misr, yo Rum yoki Chin
Yo hukmingda butun yer yuzin tutgin.
Oxir bu boylikdan olar hissang, bil -
O’n gaz kafan birla ikki gaz zamin!

Olma sardaftari ishqning imlosi
Yoshlik qasidasin jilva ziyosi.
Ey, ishq olamidan xabarsiz, bilg’il -
Ishq emasmi asli hayot ma’nosi!

Muhabbat o’tida yonmasa ko’ngil,
Holiga voy degil, bemoru zahil.
Muhabbatsiz o’tgan har bir kuning, bil:
Umringdan bexuda ketmish behosil!

Poku, ahil, oqil kishiga o’rtoq
Bo’lu, noahildan qochaver yiroq.
Dono senga zahar tutsa ham ichgil
Qo’l cho’zmagil sharbat tutsa ham axmoq!

Dunyo siri garchi menga besh qo’ldek ayon
Sirtimga chiqarsam uni, o’zimga ziyon.
Tegramda meni tushunguday inson yo’q
Har so’zniki qilib bo’lmas, bu elga bayon!